Davlat-xususiy sheriklik sohasidagi ishlar sarhisobi

2020 yil 16 yanvar kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi binosida “Davlat-xususiy sherikligi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va davlat-xususiy sherikligi asosidagi loyihalarning hayotga tadbiq etilishi mavzusida” matbuot anjumani tashkil etildi.
Hozirda mamlakatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilishning zamonaviy va eng samarali yo‘nalishlaridan biri bu davlat-xususiy sheriklik yo‘nalishidir. Mazkur yo‘nalish uzoq muddatli, samarali va ikki tomon uchun ham foydalidir. Bunday mexanizm asosan ijtimoiy, ya’ni maktabgacha ta’lim, umumiy va oliy ta’lim hamda sog‘liqni saqlash sohalari, uy-joy kommunal xo‘jaligi, avtomobil yo‘llari qurilishi va elektr ta’minoti tarmoqlaridagi infratuzilma loyihalarini ro‘yobga chiqarishda keng qo‘llaniladi.
2019 yil mobaynida Respublikamizda Davlat-xususiy sheriklik sohasida muhim qadamlar amalga oshirildi.  Jahon andozalariga mos bo‘lgan “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilindi. Qonun bilan Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi davlat-xususiy sheriklik sohasida davlat siyosatini amalga oshiruvchi yagona vakolatli organ etib belgilab qo‘yildi. Shuningdek, xujjat bilan davlat-xususiy sheriklik taraflarining huquq va majburiyatlari belgilab berildi, Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimning amal qilish muddati uch yildan kam bo‘lmasligi va qirq to‘qqiz yildan oshmasligi kerakligi belgilandi.
Hozirgi kunda davlat-xususiy sheriklikning ustuvor tarmoqlari, bu elektr energiyasini ishlab chiqarish, transport sohasi (aeroport, yo‘llar va h.k.), ijtimoiy soha (sog‘liqni saqlash, ta’lim va maktabgacha ta’lim, sport), telekommunikatsiya, kommunal xo‘jalik (suv ta’minoti, kanalizatsiya, issiqlik, qattiq chiqindilar), qishloq va suv xo‘jaligi, turizm sohalari hisoblanadi. Agentlik tomonidan mazkur sohalarga investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha faol amaliy ishlar amalga oshirilmoqda. Ayni vaqtda Agentlik tomonidan mutassadi vazirlik va idoralar bilan birgalikda qiymati 9,65 mlrd AQSh dollaridan ko‘p bo‘lgan 17 ta davlat-xususiy sheriklik loyihalari bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish ishlari olib borilmoqda. Ulardan 10 tasi energetika, 2 tasi transport, 3 tasi kommunal xo‘jalik, 2 tasi sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalariga to‘g‘ri keladi.  Jumladan,
– Xalqaro moliya korporatsiyasi ko‘magida ikkita DXSh pilot loyihalari bo‘yicha DXSh bitimi imzolandi va boshqasi yakuniga etmoqda, shundan 1100 bemorga gemodializ xizmatlarini ko‘rsatuvchi markazlarini barpo etish tender jarayoni yakunlanish arafasida.
–  Quvvati 100 MVt bo‘lgan Navoiy viloyatida fotoelektrik qo‘yosh stantsiyasini qurish loyihasi bo‘yicha 1KVt/soat uchun eng arzon narx (2.7 sent) taklif etgan BAAning “Masdar” kompaniyasi g‘olib deb topildi va DXSh bitimi imzolandi. Qurilish ishlari 2020 yilning I choragida boshlanishi va 2021 yilnig I choragida ishga tushishi kutilmoqda. Loyihaning tahminiy qiymati 100 mln AQSh dollari.
– Fotoelektrik quyosh stantsiyasini qurish bo‘yicha pilot loyihasi ijobiy natija ko‘rsatganligi sababli, Energitika vazirligi va DXSh Agentligi tomonidan Samarqand va Jizzax viloyatlarida quvvatlari 400 MVt va 500 MVtga teng fotoelektrik quyosh stantsiyasini qurish loyihalarini tezkor ravishda amalga oshirish bo‘yicha Xalqaro moliya korporatsiya bilan konsalting shartnomalarini imzoladi va er ajratish ishlari yakunlanmoqda. Tenderni yakunlash reja muddati – 2020 yilning II-III choragi. Loyihaning tahminiy qiymati 900 mln AQSh dollari.
–  Samarqand viloyatida quvvati 100 MVt bo‘lgan fotoelektrik qo‘yosh stantsiyasini qurish bo‘yicha Frantsiyaning «Total Eren» energetika kompaniyasi bilan  25 yil muddatga elektr quvvatini sotib olish (DXSh) bitimi imzolandi. Qurilish ishlari 2020 yilning I choragida boshlanishi va 2021 yilnig II choragida ishga tushishi kutilmoqda. Loyihaning tahminiy qiymati 100 mln. AQSh dollari.
Tadbirda davlat-xususiy sheriklikka doir taqdimotlar ham tashkil etildi. Shu asnoda davlat-xususiy sheriklikning asosiy vazifalari, loyihalarga moliyaviy manbalarni jalb qilish, ularni tayyorlash va amalga oshirish jarayonlari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Font Resize