Moliya vazirligi Jahon banki bilan hamkorlikda umumiy qiymati 33 mln dollar bo‘lgan loyihani ishga tushirdi

Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Jahon banki hamkorligida “Institutsional salohiyatni oshirish” loyihasini ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Seminarda Jahon bankining mintaqaviy departament direktorlari, Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi rahbariyati,  davlat moliyaviy boshqaruv sohasidagi etakchi ekspertlar, xalqaro moliyaviy institutlar vakillari, loyihani amalga oshirishda qatnashuvchi vazirlik va idoralarning mutasaddi xodimlari hamda milliy ekspertlar ishtirok etmoqda.
Umumiy qiymati 33 mln. AQSh dollariga teng bo‘lgan ushbu loyiha Jahon banki guruhiga kiruvchi Xalqaro Taraqqiyot Assosiatsiyasi tomonidan moliyalashtiriladi.
Mazkur loyiha doirasida 2019-2024 yillar davomida mamlakatimizda davlat moliyasini boshqarishni takomillashtirish, korporativ sektorning bozor amaliyotlari uchun sharoitlarni yaxshilash, iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha ishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Seminarda ishtirok etgan mutasaddi rahbarlar tomonidan bugungi kunda mamlakatimizda davlat moliyasini boshqarishni isloh qilish sohasida olib borilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tilindi, institutsional salohiyatni oshirish, ya’ni milliy mutaxassislarning bilim va tajribasini oshirish bugungi kunda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasining omillaridan biri ekanligi yurtboshimizning Oliy Majlisga qilgan murojaatnomasida ham ta’kidlanganligini qayd etildi.
O‘z navbatida Jahon Banki vakillari tomonidan ham o‘z ishini boshlagan ushbu loyiha ikkala tomon o‘rtasidagi aloqalarning yangi bosqichi ekanligini ta’kidlandi. Shuningdek, mazkur loyiha orqali Jahon Banki O‘zbekistonda ro‘y berayotgan institutsional o‘zgarishlarni har tomonlama qo‘llab quvvatlashini ma’lum qilgan holda bunday samarali hamkorlik yanada kengroq ko‘lamda davom etishini qayd etdi.
Tadbirning ochilish marosimida Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi direktori G‘.Xoljigitov so‘zga chiqib, yurtimizda agentlik tomonidan Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha ma’lumotlar berdi. Bu borada ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi.
Kunning ikkinchi qismi “workshop” shaklida davom etdi. Unda xalqaro hamda milliy mutaxassislar ishchi guruhlarga bo‘lingan holda o‘zlariga tegishli sohalarda kadrlar salohiyatini oshirish hamda loyiha davomida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan harakatlar rejasini muhokama qildilar.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Font Resize