Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi faoliyatiga nazar

Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi faoliyat boshlaganiga bir yildan oshdi. Aslida agentlikning Moliya vazirligi tasarrufiga o‘tishining bir qator sabablari bor. Shularning asosiylariga to‘xtaladigan bo‘lsak, birinchidan, DXSh agentligi – bu milliy iqtisodiyot miqyosida davlat va xususiy biznes o‘rtasidagi munosabatlarni yangicha ko‘rinishda tartibga soladigan mutlaqo yangi organdir. Bu yo‘nalish yangi bo‘lganligi bois agentlik shubhasiz, qo‘llab-quvvatlashga muhtoj.
Ikkinchidan, yangi organ faoliyatining o‘ziga xos xususiyati shundaki, u tomonlarning moliyaviy majburiyatlari va tavakkalchiligini taqsimlash kabi ancha murakkab tizimiga ega bo‘lgan DXSh loyihalarini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlaydi. Sohadagi har qanday noto‘g‘ri hisob-kitob uzoq muddatli salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin, shuning uchun ham agentlik faoliyatidagi aniqlik DXSh loyihalarining barqarorligi va sifatini ta’minlashga zamin yaratadi.
Bir yil ichida tezkor amaliy natijalarni kutish qiyin, chunki hozirgi vaqtda dinamik o‘zgaruvchan iqtisodiyotda davlat va xususiy sheriklik aloqalarini rivojlantirish uchun poydevor qo‘yilmoqda, bu esa davlat va xususiy biznes o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik masalalarini puxta va izchil o‘rganishni talab qiladi.
Shunga qaramay, agentlik xozirda nafaqat DXSh loyihalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshirish, balki qonunchilik va institutsional muhitni yaratish borasida ham samarali ishlar olib bormoqda.
Bugungi kunda agentlik 30 dan ortiq, shulardan 17 tasi yirik bo‘lgan DXSh loyihalari ustida ish olib bormoqda. Har bir yirik loyiha sohada boy tajribaga ega bo‘lgan xalqaro moliya tashkilotlarining yordami bilan amalga oshirilmoqda. Xozirda yirik loyihalarning tahminiy qiymati 10 milliard dollarni tashkil etadi.

 

Jadvallardan ko‘rish mumkinki, loyihalarning eng ko‘p qismi energetika sohasiga to‘g‘ri keladi. Energetika DXSh loyihalari investitsiyalar tarkibida umumiy qiymatining 66% dan ortig‘ini tashkil etadi. Energetika sohasida loyihalar yangi energiya ob’ektlarini – issiqlik elektr stantsiyalarini, fotoelektr (quyosh) va shamol stantsiyalari kabi qayta tiklanadigan energiya manbalarini qurishga qaratilgan. Energetika sohasidagi asosiy hamkorlar Xalqaro moliya korporatsiyasi va Osiyo taraqqiyot banki hisoblanadi.
Energetika sohasidagi DXSh loyihalarining ko‘pligiga sabab qilib respublikaning energiyaga bo‘lgan talabning yuqori ekanligi va energiya loyihalarini tuzish va amalga oshirish nisbatan sodda ekanligini ko‘rsatish mumkin. Shuningdek, davlat ishlab chiqarish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ob’ektlarini “yuragi” bo‘lgan yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirishdan manfaatdor.
Ayni kunda kommunal sohada xususiy investorlar ishtirokida issiqlik ta’minoti, suv ta’minoti va kanalizatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish va boshqarish bo‘yicha uchta loyiha amalga oshirilmoqda. Bular orasida Osiyo taraqqiyot banki bilan birgalikda amalga oshirilayotgan maishiy chiqindilarni yig‘ish va qayta ishlash loyihasi alohida e’tiborga molik. OTB haqida gapirganda, ushbu bank O‘zbekistonda DXShni qo‘llab-quvvatlovchi eng muhim moliyaviy institutlardan biridir va xozirda DXSh loyihalarining 40% dan ortig‘ini amalga oshirishda qatnashmoqda.
Hozirgi vaqtda DXSh loyihalari asosan energetika, transport va ijtimoiy sohalarida amalga oshirilmoqda. Birinchi yo‘nalish issiqlik va fotoelektr stantsiyalarini qurishni o‘z ichiga oladi. Keyingi yo‘nalishlarga esa yo‘llar qurish va aeroportlarni rekonstruktsiya qilish, 14 ta maktab va gemodializ markazlarini qurish va boshqalar kiradi.
Mazkur loyihalarning aksariyati loyihalarni texnik-iqtisodiy ko‘rsatgichlarini muvofiqlashtirish va tayyorlash bosqichida. Amaliy natijalar haqida gapirganda, ikkita loyihani ajratib ko‘rsatish kerak. Bular 1100 bemorga mo‘ljallangan gemodializ markazi (qurilish yakunlanmoqda) va Navoiy viloyatida Masdar (BAA) kompaniyasi bilan birgalikda qurilayotgan 100 MVtli fotoelektr (quyosh) stantsiyasini qurish loyihasi. Stantsiya qurilishi 2020 yilning ikkinchi yarmida boshlanadi. Bu borada to‘planadigan tajriba keyinchalik ushbu yo‘nalishda investitsiya dasturlarini muvaffaqiyatli amalga oshirish imkonini beradi.
Xalqaro Moliya Korporatsiyasi va Osiyo Taraqqiyot Banki bilan birgalikda ishlab chiqilgan dasturga ko‘ra, Samarqand va Jizzax viloyatlarida 400 va 500 MVt quvvatga ega fotoelektr stantsiyasini va Sirdaryo viloyatida 1000 MVt elektr stantsiyasini qurish bo‘yicha DXSh loyihalari amalga oshiriladi. Loyihaviy tenderlarni yakunlash muddati 2020 yilning 2-3 choragi etib belgilangan. Loyihalarning taxminiy qiymati esa har 100 MVt quvvati uchun 100 million dollarni tashkil etadi.
O‘zbekistonda DXSh rivojlanishining muhim jihatlaridan biri mustahkam qonunchilik bazasini ishlab chiqishdir. Shu munosabat bilan 2019 yilda «Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi, DXSh loyihalarini amalga oshirish uchun namunaviy shartnomalar tayyorlandi va davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish to‘g‘risidagi nizom ishlab chiqildi.
Shu bilan birga, agentlik tegishli qonunchilikni shakllantirish va tajriba loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirishdan tashqari, loyihalarga jalb qilingan vazirliklar va idoralarga loyihalarning mohiyati va iqtisodiyotimizga qanchalik zarur ekanligini tushuntirishi lozim bo‘ladi.
Bu borada agentlik tegishli chora tadbirlar boshlab yuborgan. Xususan, DXSh doirasida muayyan loyihani qanday amalga oshirish bo‘yicha tushuntirish olib bora oladigan tegishli tajribaga ega bo‘lgan professional maslahatchilarni jalb qilmoqda. Qachonki mahalliy boshqaruv institutlarining o‘zlari DXShning ahamiyati va zarurligini tushunib etmaguncha, davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlik rivojlanmaydi. Shu munosabat bilan agentlik DXShni yanada takomillashtirish va jalb qilingan mutaxassislarning professionalligini oshirish maqsadida manfaatdor davlat organlari bilan tushuntirish, targ‘ibot ishlarni olib bormoqda.
Shunday qilib, 2019 yilda agentlik xalqaro moliya institutlari tomonidan taqdim etilgan tajribali maslahatchilarni jalb qilish, davlat va xususiy biznes o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning fundamental masalalarini ishlab chiqish, shuningdek, DXSh loyihalari samaradorligini oshirish uchun institutsional muhitni rivojlantirish orqali DXShni rivojlantirish jarayonlarini faollashtirish bo‘yicha ko‘plab amaliy ishlarni amalga oshirdi. 2020 yilga mo‘ljallangan rejalarda esa agentlikning O‘zbekistonda davlat-xususiy sheriklik aloqalarini rivojlantirish imkoniyatlarini kengaytirish va ichki salohiyatni yanada kuchaytirishga qaratilgan.

Buning uchun qator chora-adbirlar belgilangan bo‘lib, birinchidan, davlat organlari, mahalliy konsalting kompaniyalari, banklar, investorlarning va DXSh loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etadigan tashkilotlarning salohiyatini kuchaytirish maqsadida, 2020 yilda chet ellik ekspertlar, mahalliy konsalting kompaniyalari, banklar ishtirokida 20 ta o‘quv seminari va davra suhbatlarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Ikkinchidan, 2020 yilda DXSh loyihalariga salohiyatli investorlarni jalb qilish maqsadida bir qator mahalliy va xalqaro tadbirlarni o‘tkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, joriy yilda qo‘shimcha ravishda amalga oshiriladigan loyihalar sonini 20 taga etkazish belgilanmoqda. Ushbu loyihalar doirasida esa 10 tagacha texnik-iqtisodiy tadqiqotlar o‘tkazish rejalashtirilgan. Ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun taxminan 60 tacha mutaxassisni malakasi oshiriladi.
Ushbu yo‘nalishlarning barchasi davlat va xususiy sheriklikni rivojlantirishning sohaviy strategiyasini ishlab chiqish doirasida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. 2020 yilda 3 ta ana shunday strategiyani ishlab chiqish rejalashtirilgan.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Font Resize