OTB va Synergy Consulting tomonidan DXSh Agentligining mutaxassislariga loyihalarni tayyorlash bo‘yicha trening o‘tkazildi

Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida fotoelektr stantsiyasini qurish bo‘yicha maslahat xizmatlarini ko‘rsatuvchi Osiyo Taraqqiyot banki va Synergy Consulting kompaniyasi mutaxassislari tomonidan DXSh agentligi xodimlari uchun seminar trening tashkil etildi. Ma’ruzachi sifatida Synergy Consulting kompaniyasining moliya yo‘nalishi direktori va Osiyo Taraqqiyot bankining davlat-xususiy sheriklik bo‘yicha maslahat guruhi mutaxassisi ishtirok etdi. Tadbirda loyihani aniq va sifatli amalga oshirish va shartnoma imzolash tartibi, tomonlarning xuquq va majburiyatlari, moliyaviy moddelarni tayyorlash, boshqa muxim e’tibor qilinishi lozim bo‘lgan jihatlar haqida ma’lumotlar berildi.


Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Energetika vazirligi, Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi, Osiyo Taraqqiyot banki bilan davlat-xususiy sherikchiligi (DXSh) shartlari asosida umumiy quvvati 1000 MVt gacha bo‘lgan hamda tahminiy loyiha qiymati 800 mln AQSh dollariga teng fotoelektr stantsiyalarini qurish bo‘yicha maslahat xizmatlarini ko‘rsatishga doir bitim imzolagan. Kelishuvda kamida 100 MVt quvvatli fotoelektr stantsiyasini qurish bo‘yicha birinchi sinov loyihasini amalga oshirish joyi sifatida Surxondaryo viloyatining Sherobod tumani tanlangan. Synergy Consulting kompaniyasi esa ushbu loyiha bo‘yicha moliya, iqtisodiy va tijoriy konsalting xizmatlarini ko‘rsatuvchi kompaniya sifatida belgilangan.


Hozirda ushbu loyihaning dastlabki, tender jarayonlari boshlandi. Joyri yilning 1-22 fevral kunlari oralig‘ida o‘tkazilgan e’longa 30 dan ortiq kompaniya loyihada ishtirok etishga qiziqish bildirdi.
Ma’lumot uchun: “Synergy Consulting” mustaqil xalqaro moliyaviy konsalting xizmatlari ko‘rsatuvchi kompaniya bo‘lib, hozirda beshta qit’aning 55 ta mamlakatida, hususan O‘zbekistonda ham qator loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Kompaniya investitsiya bo‘yicha maslahatlar, loyihalarni moliyalashtirish, moliyaviy tahlil, moliyaviy modellashtirish, tijorat va moliyaviy ehtiyojlarni o‘rganish kabi xizmatlarni taqdim etadi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Font Resize