O‘zbekiston Sirdaryo viloyatidagi CCGT (Kombinatsiyalangan siklli gaz turbinalari) davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish maqsadida dunyoning eng yirik energiya korporatsiyalari va investorlarini birlashtiradi

Toshkent, O‘zbekiston, 2020 yil 5 mart. O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi va Jahon banki guruhiga kiruvchi Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan hamkorlikda Sirdaryo CCGT loyihasi bo‘yicha xalqaro investorlar uchun anjuman o‘tkazdi. Tadbirda moliyaviy institutlar, xususiy sheriklik loyihasini ishlab chiquvchilar va boshqa manfaatdor tomonlar ishtirok etdi.

Ma’lumot uchun: Sirdaryo viloyatida davlat-xususiy sheriklik (DXSh) shartlari asosida 1,1 milliard 1300 MVt quvvatga ega yangi issiqlik elektr stantsiyasi (IES) quriladi va 2022 yilda IES foydalanishga topshiriladi.
Tadbir davomida Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Yaqin Sharq va Evropaning 30 dan ortiq salohiyatli investorlari, shuningdek, bir qator moliya institutlari, muhandislik ta’minoti qurilishi pudratchilari va maslahatchilari loyihaning ko‘lami va bitim tuzish shartlari, O‘zbekistonning energetika sektori, bu borada me’yoriy-huquqiy baza va sohadagi DXSh loyihalari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Ushbu kompaniyalar ro‘yxatiga nazar tashlasak, Sumitomo, Mitsui, Hyundai, EDF, Daewoo, Mitsubishi, Marubeni, Siemens kabi eng yirik global energiya korporatsiyalarini ko‘rish mumkin.
“Ushbu loyiha tanlovi mamlakatga dunyo bozori etakchilari qiziqishining oshishiga imkoniyatni beradi. Investorlar uchun tashkil etilgan uchrashuv esa tender jarayonining shaffof va raqobatdosh bo‘lishini ta’minlash yo‘lidagi muhim qadamdir. Bu sarmoyadorlarning O‘zbekistonga bo‘lgan ishonchini oshiradi va mamlakatning sarmoyaviy muhitiga uzoq muddatli ijobiy ta’sir ko‘rsatadi”, – dedi Xalqaro moliya korporatsiyasining Evropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Vibke Shlyomer.
Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi direktori va Moliya vazirining o‘rinbosari G‘olib Xoljigitov esa “Sirdaryoga investitsiya kiritish bu O‘zbekistonda sohadagi muammolarni hal qilish bo‘yicha umumiy strategiyaning muhim qismidir. Bu ushbu sektorni yanada jonlantirishga xizmat qiladi”, – deya ta’kidladi.
“Biz Toshkentdagi Investitsiyaviy anjumanimizda martabali mehmonlarni ko‘rib turganimizdan juda mamnunmiz. Biz energetika sohamizni isloh qilishga kirishdik. Ular bu yo‘lda biz bilan birga ekanliklarini bildirdilar. Mazkur davlat-xususiy sheriklik loyihasining muvaffaqiyatli amalga oshirilishi elektr ta’minoti barqarorligini oshiradi va tabiiy gazdan samarali foydalanishni ta’minlaydi”, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi loyihaviy byurosi direktorining o‘rinbosari Bahrom Umarbekov.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Sirdaryo CCGT elektr stantsiyasini qurish bo‘yicha ikki bosqichli tender e’lon qilgan. Xususiy sherik hukumat tomonidan zavodni moliyalashtirish, loyihalashtirish, qurish, ishlatish, texnik xizmat ko‘rsatish va topshirish bo‘yicha uzoq muddatli bitim tuzish uchun tanlov savdosi orqali tanlanadi. Tranzaktsiya masalalari bo‘yicha maslahatchi sifatida Xalqaro moliya korporatsiyasi hukumatga loyihani ishlab chiqish va xatarlarni tegishli ravishda davlat va xususiy sektor o‘rtasida taqsimlash uchun malakali xususiy sarmoyadorlarni jalb etadigan davlat-xususiy sektor hamkorligini tuzishda yordam bermoqda. Tender g‘olibi yil so‘ngida e’lon qilinadi.
2019 yilning 1 oktyabr kuni Toshkentda Energetika vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi va Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) o‘rtasida imzolangan kelishuvga ko‘ra, loyiha bo‘yicha konsalting xizmatlari XMK tomonidan taqdim etilmoqda.

1 Response

  1. Vsevolod izohi:

    Very good news ! We are (at DMCC) ready to help with grid stability study for connection of this huge generation asset.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Font Resize