Suv ta’minotida davlat-xususiy sheriklik loyihalari

Hozirda mamlakatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilishning zamonaviy va eng samarali yo‘nalishlaridan biri bu davlat-xususiy sheriklik (DXSh) yo‘nalishidir. Mazkur yo‘nalish uzoq muddatli, samarali va ikki tomon uchun ham foydalidir. Bunday mexanizm asosan ijtimoiy, ya’ni maktabgacha ta’lim, umumiy va oliy ta’lim hamda sog‘liqni saqlash sohalari, uy-joy kommunal xo‘jaligi, avtomobil yo‘llari qurilishi va elektr ta’minoti tarmoqlaridagi infratuzilma loyihalarini ro‘yobga chiqarishda keng qo‘llaniladi.
2019 yil mobaynida Respublikamizda Davlat-xususiy sheriklik sohasida muhim qadamlar amalga oshirildi. Avvalo, “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi. Xujjat bilan Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi (2018 yil 20 oktyabrdagi Prezident qarori bilan Moliya vazirligi huzurida Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi tashkil etilgan) DXSh sohasida davlat siyosatini amalga oshiruvchi yagona vakolatli organ etib belgilab qo‘yildi. Shuningdek, Qonunda davlat-xususiy sheriklik taraflarining huquq va majburiyatlari, davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimning amal qilish muddatlari belgilandi.
Hozirgi kunda mamlakatimizda DXShning ustuvor tarmoqlari sifatida elektr energiyasini ishlab chiqarish, transport sohasi (aeroport, yo‘llarni qurish va ta’mirlash), ijtimoiy soha (sog‘liqni saqlash, ta’lim va maktabgacha ta’lim, sport yo‘nalishidagi loyihalar), telekommunikatsiya, kommunal xo‘jalik (ichimlik suvi va issiq suv ta’minoti, kanalizatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish, qattiq chiqindilarni qayta ishlash), qishloq va suv xo‘jaligi, turizm sohalarini aytish mumkin. Agentlik tomonidan mazkur sohalarga investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha amaliy ishlar faol olib borilmoqda. Ayni vaqtda agentlik mutassadi vazirlik va idoralar bilan birgalikda qiymati 9,65 mlrd AQSh dollaridan ziyod 17 ta DXSh loyihalari bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha ishlarni davom ettirmoqda. Ulardan 10 tasi energetika, 2 tasi transport, 5 tasi kommunal xo‘jalik, 2 tasi sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalariga to‘g‘ri keladi. Jumladan:
Joriy yilning 27 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy va kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi va Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi ko‘magida Xorazm viloyati Yangiariq va Yangibozor tumanlarida DXSh asosida ichimlik suv ta’minotini rivojlantirish bo‘yicha 2 ta davlat-xususiy sheriklik bitimi imzolandi.
Suv ta’minoti ob’ektlaridan foydalanishda DXShni amalga oshirish loyihasi doirasida mahalliy investorlar tomonidan Xorazm viloyatining Yangibozor tumanida 5 mlrd so‘m va Yangiariq tumanida 9 mldr 430 mln so‘m mablag‘lar jalb qilinadi. Mazkur DXSh loyihasi doirasida mazkur tumanlar hududidagi barcha iste’molchilar va ichimlik suv tarmoqlari qayta xatlovdan o‘tkaziladi, ichimlik suvi etib bormagan aholi punktlari va xonadonlarni ichimlik suv quvuriga ulash, suv hisoblagichlarni o‘rnatish ishlari olib boriladi. Loyiha doirasida 35 kmdan ortiq yangi ichimlik suv quvurlari va kanalizatsiya tarmoqlarini qurish va rekonstruktsiya qilish ishlarining amalga oshirilishi natijasida 7573 ta xonadonda yashovchi 37 868 nafar aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi. Shu tariqa aholining sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi  44% dan 80% ga etkaziladi.
Loyiha doirasida xususiy sherik hozirgi kunda suv tarqatish inshootlardagi ko‘p energiya sarflovchi va eskirgan barcha uskuna, jihoz, quvurlar va nasos agregatlarini to‘liq almashtiradi. Yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan avariya xolatlarini tezkor va qisqa muddatda to‘liq bartaraf qilish uchun zarur bo‘lgan zamonaviy maxsus texnika, texnik asbob-uskunalar, quvurlar va boshqa anjomlar zahirasini yaratiladi. Umuman olganda xususiy sherik, ya’ni investor davlat-xususiy sheriklik loyihasi doirasidagi ob’ektlarni moddiy texnik bazasini rivojlantirish ishlarini o‘z hisobidan amalga oshiradi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 30 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda 2019 yil 29 apreldagi “Respublika iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi
qaroriga asosan Osiyo Taraqqiyot Banki (OTB) tomonidan jalb etilgan xorijiy konsultantlar bilan birgalikda Namangan shahrida suv ta’minoti hamda kanalizatsiya tizimlarini DXSh shartlari asosida boshqaruvga berish bo‘yicha ishlarni amalga oshirilmoqda.
Loyiha kontseptsiyasini Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi (www.mjko.uz) va Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligining rasmiy veb-sayti (pppd.uz)da e’lon berish orqali vazifalar amalga oshirilishi davom ettirilmoqda.
Bundan tashqari, OTB maslahatchilari bilan birgalikda Namangan shahar suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini har tomonlama o‘rganish asosida 2020 yilning uchinchi choragi yakuniga qadar «shahar ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tozalash inshootlarini rekonstruktsiya qilish» loyihalarini amalga oshirish uchun tender hujjatlarini tayyorlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Shu bilan birga, Toshkent shahar hokimligi va Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasida Toshkent shahri issiqlik ta’minoti tizimini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida boshqaruvga berish yuzasidan maslahat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha bitim tuzildi.
Toshkent shahrining issiqlik ta’minoti sohasida DXSh loyihasini tayyorlash doirasida “Veolia Energy Tashkent” MChJ («Veolia Central & Eastern Europe» Frantsiya kompaniyaning 100% egalligida) tomonidan OTBning bergan ko‘rsatmalarini inobatga olgan holda DXSh loyihasining kontseptsiyasi va texnik-iqtisodiy asoslari Toshkent shahar hokimligiga taqdim etildi. Bugungi kun holatiga loyihani muvofaqqiyatli yakunlash bo‘yicha hokimlikning ijobiy xulosasi berilgan. Navbatdagi bosqichda endi tender o‘tkaziladi va unda salohiyatli g‘olib aniqlanib, loyihani amalga oshirish ishlari boshlanadi.
Bular Davlat-xususiy sheriklik agentligi tomonidan yurtimizda suv ta’minoti yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar haqida qisqacha ma’lumotlar edi. Navbatdagi sonda energetika sohasidagi loyihalar, ularning mamlakatimiz iqtisodiyotiga ko‘magi haqida so‘z yuritamiz.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Font Resize