Agentligimiz xodimlari sertifikatlashtirish bo‘yicha global dasturning ikkinchi bosqichini yakunlashdi

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi va Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) tashabbusi bilan Davlat xususiy sheriklik (DXSh) sohasida faoliyat yuritayotgan vazirlik va idoralarning mutaxassislari (20 ta) uchun “DXSh professional ishtirokchilarini xalqaro sertifikatlash va o‘quv dasturi”ning (CP3P) ikkinchi bosqich o‘quv-mashg‘ulotlari o‘tkazildi.


Tegishli vazirlik va idoralar xodimlarining DXSh masalalari bo‘yicha bilimlarini boyitishga qaratilgan dastur Jahon banki guruhi va moliyaviy rivojlanish bo‘yicha boshqa xalqaro institutlar tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, u Londonning etakchi sinov instituti bo‘lgan APMG International tomonidan nazorat qilinadi.
COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat tufayli XMK mutaxassislari APMG bilan birgalikda dasturni juda qisqa vaqt ichida virtual formatda tuzib chiqishdi va birinchi marotaba trening va yakuniy imtihon internet orqali o‘tkazildi.
Ma’lumot uchun: CP3P sertifikati uchta imtihonni o‘z ichiga oladi. Bular: DXSh asoslari, DXShni tayyorlash va DXShni amalga oshirish. Trening ishtirokchilari 2019 yilda DXSh asoslari bo‘yicha dastlabki imtihondan o‘tishgan. Imtihonning uchta bosqichini muvaffaqiyatli yakunlagan qatnashchilar xalqaro miqyosda tan olingan DXSh sohasidagi mutaxassis – APMG CP3P sertifikatiga ega bo‘ladilar.


Endi ishtirokchilar yakuniy darajani olish uchun uchinchi bosqich mashg‘ulotlarida ishtirok etadilar.
CP3P haqida
CP3P sertifikatlash dasturi Osiyo Taraqqiyot Banki, Evropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki, Amerika Taraqqiyot Banki, Islom Taraqqiyot Banki, Ko‘p tomonlama investitsiya fondi va Jahon banki guruhini o‘z ichiga olgan moliyaviy rivojlanish institutlari guruhining tashabbusi hisoblanadi. Dastur dunyo bo‘yicha DXSh qatnashchilariga DXSh doirasidagi loyihalarni boshqarish bo‘yicha ixtisoslashgan bilim olish imkoniyatini beradi.

Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi matbuot xizmati

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Font Resize