Enriko Pinali: Xususiy sektorning ishonchini oshirish uchun davlat-xususiy sheriklikka alohida e’tibor berilmoqda

Enriko Pinali, Osiyo Taraqqiyot Bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari o‘rinbosari.

So‘nggi uch yil davomida Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligida O‘zbekiston iqtisodiyotining ochiqligini ta’minlash va xususiy sektor investitsiyalarini jalb qilishda katta yutuqlarga erishildi. Bu borada xususiy sektorning ishonchini oshirish uchun mamlakatda davlat-xususiy sheriklikka (DXSh) alohida e’tibor berilmoqda. Xususan, mahalliy va xalqaro sarmoyadorlarga O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishida ishtirok etish uchun katta sarmoyaviy imkoniyatlarni ochib beradigan «Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilindi. Bundan tashqari, DXSh loyihalarini muvoffaqiyatli amalga oshirishni ta’minlash maqsadida Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi tashkil etilib, agentlik loyihalarni skrining qilish, texnik-iqtisodiy asoslarini ko‘rib chiqish va tender hujjatlari hamda DXSh shartnomalarini tuzishda ishtirok etadi.

Ushbu hukumat tashabbuslarining barchasi Osiyo Taraqqiyot Banki (OTB) tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Xususan, Osiyo Taraqqiyot Banki o‘zining ilg‘or xalqaro amaliyot tajribasi bilan Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi o‘rtasida yaxshi hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Bank O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan bir nechta DXSh loyihalari yuzasidan maslahatlar berib kelmoqda. Masalan, OTB Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida 200 MVt quvvatga ega quyosh energiyasi loyihasining tender jarayonlarida qatnashmoqda. Ushbu loyiha mintaqaning energiya sig‘imini oshiradi va 1 GVt quyosh energiyasi dasturiga kiradi. Bundan tashqari, OTB boshqa sohalar, xususan, ta’lim, qattiq chiqindilarni qayta ishlash, isitish tizimi, suv ta’minoti va oqava suvlar bo‘yicha maslahat xizmatlarini bermoqda. Hukumat davlat-xususiy sheriklik infratuzilmasini yaxshilash, loyihalarni tezroq amalga oshirish va fuqarolarga sifatli xizmat ko‘rsatish imkoniyatini yaratishga ishonadi va OTB bu borada ular bilan hamkorlik qilishdan mamnundir.

2 Responses

  1. Султон Ниғмонович Нормухамедов izohi:

    Шархим мавзу бўйича эмас, узр. Сизлар, хурматли ушбу сайтни яратувчилари, ўзбек тилидаги матнларингизни фақат лотин алифбосида беряпсизлар. Олдиндан айтай : мен лотин алифбосига қарши эмасман. Ёшим етмишга яқинлашган бўлсам ҳам, рус мактабини ва олий ўқув юртларни рус гурухларида ўқиган бўлсам ҳам. Лотин алифбоси – ўтиб турган замоннинг зайли ва ушбу жараён қанчалик тўғрилигини, миллатимизнинг манфаатига қанчалик мувофиқлигини вақт кўрсатади. Шахсан менга лотин алифбоси хаддан ташқари қийинчилик туғдирмайди, чунки мен саводли одамман, қалам юритиб тураман, инглиз тилини анча-мунча биламан (яъни лотин харфларига кўзим ўрганган). Лекин бошқаларчи?
    Халқимизнинг жуда катта қисми : тахминан 40-га кирганлар ва улардан юқорилар кирилл алифбосида ўқишганку. Буни хисобга олиш керак эмасмикин? Улар, ахир, лотинча матнларни ўқишда қийналишадику. Ва шу туфайли сизларнинг даъват ва чақириқларингиз уларни чорлай олмайди ва натижада улар сизларга эргашамайдилар.
    Ёки ахолимизнинг бу қисми, жуда қатта қисми, сизлар учун кам ахамиятли аудиториями ва уларнинг фикрлари, улар сиз юритаётган жараёнларда қатнашиши сизлар учун зарур эмасми? Ёки сизларнинг фикрларингиз бўйича халқимизнинг бу қисмида Ватан учун, жамиятимизнинг равнақи учун жон куйдирадиганлар йўқми? Бу дискриминацияга ўхшаб қоляптику… Афсус!
    Ўйлаб кўринглар, укалар.
    Султон Ниғмонович Нормухамедов – мехнат фахрийси, журналистлар уюшмасининг аъзоси.
    15.05.2020

    • admin izohi:

      Раҳмат. Таклифларингизни эътиборга оламиз ва бу борада тегишли чоралар кўрамиз.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Font Resize