Samarqandda DXSh loyihalari miqdori oshadi

Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi direktori G‘olib Xoljigitov boshchiligidagi ishchi guruh 19-20 iyun kunlari Samarqand viloyatida bo‘ldi. Tashrif davomida dastlab, Samarqand viloyati hokimligi, moliya boshqarmasi xodimlari va tadbirkorlari ishtirokida davlat-xususiy sheriklik (DXSh) loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Unda DXSh loyihalarining afzalligi, tomonlarning huquq va majburiyatlari, bu borada yaratilgan huquqiy baza kabi qator yo‘nalishlarda ma’lumotlar berildi. Taqdimotdan so‘ng viloyat tadbirkorlari bilan ochiq muloqot tashkil etildi, ularni qiynayotgan muammolar tinglandi. Muammolarni bartaraf etish choralari ko‘rildi, yechimi ma’lum vaqt talab etadigan masalalar esa nazoratga olindi.

Shundan so‘ng, “Maroqand Sifat” paxta klasteri korxonalariga tashrif buyurilib, u yerdagi ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishildi.

Narpay tumanida rekonstruksiya va modernizasiya qilinayotgan “Oybek” nasos stansiyasi ko‘zdan kechirildi. Yangi nasoslarning energiya tejamkorligi, suv ta’minotida yo‘qotishlar kamligi tekshirildi.

Klaster rahbari tomonidan 2 ming gektar yerda joriy qilingan tomchilatib sug‘orish tizimi bilan tanishildi.

Tadbirkorning Narpay tumanidagi 8 ta nasos stansiyasini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida rekonstruksiya va modernizasiya qilish hamda butun tumanda tomchilab sug‘orish tizimini joriy etish bo‘yicha takliflari o‘rganildi va bu borada qilinishi kerak bo‘lgan ishlar bo‘yicha tushuntirish berildi. Mazkur loyixani DXSh asosida amalga oshirish ustida ishlanmoqda.

Navbatdagi manzil Jomboy tumani bo‘ldi. Tashrif davomida hududda DXSh shartlari asosida kartoshka urug‘chilik klasterini tashkil qilish bo‘yicha mahalliy fermerlar va soha mutaxassislari bilan muloqot tashkil etildi. Unda DXSh loyihasini amalga oshirish bo‘yicha huquqiy yordam ko‘rsatishga kelishib olindi.

Tashrif davomida yana bir qator DXSh loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha muhokamalar bo‘lib o‘tdi. Xususan, xorij tajribasi asosida Samarqand shahridagi tug‘ruqxonani DXSh shartlari asosida modernizasiya qilish va boshqaruvga berish bo‘yicha takliflar eshitildi. Bundan tashqari, Samarqand shahri Zarafshon daryosi bo‘yida zamonaviy mehmonxona qurish va turistik infratuzilmani yaratish loyihasi bo‘yicha ham tashabbuskor bilan uchrashuv o‘tkazildi. Shuningdek, Samarqand shahrida DXSh asosida
400 kishilik shifoxona qurish loyihasini amalga oshirish tartibi yuzasidan tegishli mas’ullarga tushuntirishlar berildi.

Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish
agentligi matbuot xizmati

 

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Font Resize