Agentlik koreyalik sarmoyadorlarni jalb etish bo‘yicha KIND bilan hamkorlik qiladi

2020 yil 12 avgust kuni Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi hamda KIND («Koreyaning xorijiy infratuzilma va shaharlarni rivojlantirish korporatsiyasi») o‘rtasida videokonferens aloqa tizimida uchrashuv o‘tkazildi. Muloqotda Agentlik direktori G‘olib Xoljigitov va KIND tashkilotining Toshkentdagi vakolatxonasi direktori Kim Xi Bong va boshqa mas’ullar ishtirok etdi.

Muzokaralarda O‘zbekistonda DXSh loyihalarini amalga oshirish uchun hamkorlikni kuchaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Ayni yo‘nalishda Agentlik rasmiylarining koreyalik sarmoyadorlar bilan videokonferens uchrashuvini tashkil etishga kelishib olindi.
G‘olib Xoljigitov O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyati tez sur’atlar bilan o‘zgarib borayotganini va turli sohalarda (energetika, transport, kommunal xizmatlari va sog‘liqni saqlash) ko‘plab istiqbolli sarmoyaviy imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi. Bu borada Koreya tajribasidan foydalanish muhimligiga urg‘u berdi.
Janob Kim G‘.Xoljigitovga Prezident Shavkat Mirziyoevning joriy yil Janubiy Koreyaga rejalashtirilayotgan safari doirasida Seuldagi KIND bosh ofisiga ham tashrif buyurishini taklif qildi. Shuningdek, tashkilot Agentlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirishini hamda Koreyadagi ko‘plab kompaniyalarni O‘zbekistondagi DXSh loyihalari to‘g‘risida xabardor qilishini bildirdi.
Onlayn muloqot yakunida tomonlar DXSh loyihalari bo‘yicha kelgusi hamkorlik rejalarini muhokama qilishga kelishib oldilar.

Ma’lumot uchun: KIND – Koreyaning yer, infratuzilma va transport vazirligi huzuridagi DXSh loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga ixtisoslashgan jamoat tashkiloti hisoblanadi. Tashkilot dunyo bo‘ylab ko‘plab sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. 2019 yil may oyida KIND Toshkentda ofisini tashkil etgan.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Font Resize