Ilk bor ichimlik va oqova suv sohasida DXSh bo‘yicha xalqaro ochiq tender o‘tkaziladi. Namangan shahar oqova suv inshootini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida qurish va ekspluatatsiya qilish

Namangan shahar oqova suv inshootini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida qurish va ekspluatatsiya qilish rejalashtirilgan. Loyiha Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati, Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi va Osiyo taraqqiyot banki bilan birgalikda amalga oshirilmoqda.

Namangan shahar oqova suv inshootining tizimlari 1960 yilda qurilgan bo‘lib, bugungi kunda ushbu oqova suv tozalash inshootlarining 70 foizi ta’mirlash-tiklash ishlari olib borilmagani natijasida ishdan chiqib, tozalanmagan oqova suv Sirdaryo daryosiga oqizilmoqda.

Osiyo taraqqiyot bankining yollangan xorijiy ekspertlari tomonidan 2019 yil sentabr oyidan bugungi kunga qadar o‘tkazilgan tadqiqotlari natijasida hozirgi vaqtda mazkur obekt juda og‘ir ahvolda va foydalanishga yaroqsiz ekani, oqova suv ifloslantiruvchi moddalardan deyarli tozalanmayotgani, mavjud tizimni tiklab bo‘lmasligi va uning o‘rniga yangi inshoot qurish talab etilayotgani to‘g‘risidagi xulosasi olingan.

Inshootning asosiy xizmat ko‘rsatish hududi Namangan shahri bo‘lib, aholining atigi 27 foizi oqova suv tarmog‘iga ulangan.

Rejalashtirilgan loyiha amalga oshirilishi natijasida:

– «Namangan suv ta’minoti» MChJ tomonidan Namangan shahar va unga tutash 5 tuman aholisi oqova suv xizmatlari bilan to‘liq qamrab olinadi hamda aholining qamrov darajasi 10 foizdan 70 foizga yetkaziladi;

– oqova suv tarmoqlaridan foydalanish samaradorligi oshiriladi va aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifati yaxshilanadi;

– Sirdaryo daryosiga oqizilayotgan ifloslantirilgan suvlar miqdorini sezilarli darajada kamaytirish orqali atrof-muhitni tozalash sifatini oshirish, ekologik vaziyatni barqarorlashtirish, aholi sog‘lig‘ini yaxshilash, qishloq xo‘jaligi uchun qayta foydalanishga yaroqli oqova suv chiqarishga erishiladi;

– oqova suvlarni tozalash xizmatlari sifati oshiriladi va xizmat ko‘rsatiladigan aholi va sanoat korxonalari soni ko‘paytiriladi;

– sohaga ilg‘or texnologik innovatsiyalarni qo‘llayotgan xalqaro xususiy kompaniyalarni jalb qilish orqali xizmat samaradorligi va sifati oshiriladi;

– xususiy kompaniyalardan oqova suvlarni tozalash inshootlarining ishlashi bo‘yicha ilg‘or bilim va zamonaviy texnologiyalarni tatbiq etish bo‘yicha o‘quv mashg‘uloti markazi tashkil etiladi;

– «Namangan suv ta’minoti» MChJ va hududiy suv ta’minoti mutaxassislari malakasi oshiriladi.

Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasining “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, mazkur loyiha bo‘yicha xalqaro ochiq tender o‘tkaziladi.

Manfaatdor hamkorlar tenderda qatnashishga taklif etiladi.

Tender talablari mas’ul tashkilotlar veb-saytlarida e’lon qilinadi.

Tenderda ishtirok etish istagini bildirgan hamkorlar 2020 yil 11 sentabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 18:00 gacha ro‘yxatga olinadi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Font Resize