Tibbiyot sohasida davlat-xususiy sheriklik loyihasi amalga oshirildi

Sog‘liqni saqlash vazirligi va “Ipsum Pathology” MChJ o‘rtasida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Toshkent shahar filialida patomorfologiya tekshiruvlarini tashkil etish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik bitimi imzolangan edi. Bitimga asosan, “Ipsum Pathology” MChJ 3,5 mlrd. so‘m miqdorida investisiya kiritish orqali onkologik kasalliklarni aniqlashda o‘ta muhim bo‘lgan patomarfologik laborotoriya tekshirishlarini bugungi bozor narxidan arzon narxlarda, zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish orqali xalqaro standartlarga mos ravishda tashkil qilishi belgilab qo‘yilgan edi.

Kuni kech ushbu loyiha ishga tushdi. Loyihaning amalga tatbiq etilishi bemorlarga to‘g‘ri tashxis qo‘yish, samarali davolash, shuningdek, tibbiyot xodimlarining mehnat unumdorligini oshirishda ham muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Loyihaning e’tiborli jihati bemorlarda o‘tkaziladigan tahlillarni olish muddati avvalgi 7-10 kundan 3-4 kunga qisqardi. Shuningdek, bemorlarning shifoxonada bo‘lish davrini deyarli ikki barobarga kamaytirdi.
Bundan tashqari, laboratoriya tahlil natijalarini elektron shaklda saqlash va uzatish, o‘ta yuqori aniqlik bilan xulosalar berish imkoniyati paydo bo‘ldi. Zarur bo‘lganda, nafaqat mahalliy, balki xorijiy davlatlarning malakali shifokorlariga tahlil natijalarini yuborib, maslahatlashish imkoni yaratildi. Bu esa aynan kasallikka to‘g‘ri tashxis qo‘yish va davolashni to‘g‘ri tanlash uchun qulay sharoit yaratadi. Laboratoriya tahlillari narxi ham boshqa xususiy tibbiyot muassasalariga nisbatan bir necha barobar arzon ekani diqqatga sazovor.
Ayni kunlarda Samarqand, Qashqadaryo, Xorazm, Surxondaryo viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham davlat-xususiy sheriklik loyihalari amalga oshirilmoqda. Ularda zamonaviy davolash va diagnostika markazlarini tashkil etish, stomatologiya va reabilitasiya, laboratoriya va gemodializ xizmatlarini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Font Resize