Davlat-xususiy sherikligi

Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 13-dekabrdagi 1009-son qaroriga
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligining (keyingi o‘rinlarda Agentlik deb ataladi) asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari, mas’uliyatini va faoliyatini tashkil qilish tartibini belgilaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Agentlik O‘zbekiston Respublikasida davlat-xususiy sheriklik sohasida yagona davlat siyosatini yuritish bo‘yicha vakolatli organ hisoblanadi.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-apreldagi 259-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 27.04.2020-y., 09/20/259/0507-son)
3. Agentlik o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek, ushbu Nizomga hamda boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
4. Agentlik o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunadi.
5. Agentlikning o‘z vakolatlari doirasida davlat-xususiy sheriklik masalalari bo‘yicha qabul qilgan qarorlari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
6. Agentlik yuridik shaxs hisoblanadi, mustaqil balansga, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G‘aznachiligida g‘azna hisob raqamlariga va bank hisob raqamlariga, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan, o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va Agentlik nomi yozilgan blankalarga ega bo‘ladi.
7. Agentlikning rasmiy nomi:
a) davlat tilida:
to‘liq — O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi;
qisqartirilgani — DXSh agentligi;
b) ingliz tilida:
to‘liq — Public-private partnership development agency under Ministry of finance of the Republic of Uzbekistan;
qisqartirilgani — PPP development agency;
v) rus tilida:
to‘liq — Agentstvo po razvitiyu gosudarstvenno-chastnogo partnerstva pri Ministerstve finansov Respubliki Uzbekistan;
qisqartirilgani — Agentstvo GChP.
2-bob. Agentlikning asosiy vazifalari va funksiyalari
8. Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:
iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning ustuvor yo‘nalishlarida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha tarmoq dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etish;
davlat-xususiy sheriklik loyihalarining samaradorligi va afzalliklarini baholash uslubini ishlab chiqish, ushbu loyihalarni tayyorlash va amalga oshirishni uslubiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash;
davlat-xususiy sheriklik sohasidagi loyihalarni amalga oshirishda idoralararo muvofiqlashtirishni ta’minlash, shuningdek, loyihalar to‘g‘risidagi axborotni ochiq holda joylashtirish va ularning reyestrini yuritish;
davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish, shu jumladan muayyan loyihalar konsepsiyalarini ishlab chiqishda vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari va mahalliy davlat hokimiyati organlariga ko‘maklashish;
davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish masalalarida investorlar, xalqaro moliya va donor tashkilotlari, ilmiy va ekspert hamjamiyatlari, shuningdek, bozorning boshqa ishtirokchilari bilan hamkorlikni tashkil etish;
davlat-xususiy sheriklik loyihalari ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga har tomonlama ko‘maklashish, loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlari, shu jumladan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tavakkalchiliklarni aniqlash va taqsimlash yuzasidan ularning takliflarini ko‘rib chiqish;
davlat-xususiy sheriklik loyihalarini, shu jumladan, loyihalarga jalb qilingan budjet tizimi mablag‘laridan foydalanilishini, shuningdek, tegishli tarmoqlardagi xalqaro tajribani inobatga olgan holda loyihalarni tayyorlash va amalga oshirish amaliyotini monitoring qilish.
9. Agentlik o‘ziga yuklangan asosiy vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
a) iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning ustuvor yo‘nalishlarida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha tarmoq dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etish sohasida:
davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish dasturlarini va loyihalar konsepsiyalarini ishlab chiqishda vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalariga ko‘maklashadi;
davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha strategik vazifalarni aniq bilish va amaliy yechimlarni ishlab chiqish asosida iqtisodiyot hamda ijtimoiy sohaning ustuvor yo‘nalishlarida davlat-xususiy sheriklikni kompleks rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish, shakllantirish va kelishishda ishtirok etadi;
davlat-xususiy sheriklik sohasidagi loyihalarni tayyorlash va amalga oshirish uchun maslahatchilarni jalb qilishda, shuningdek, ushbu maqsadlar uchun moliyaviy resurslarni topishda davlat sheriklariga ko‘maklashadi;
davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy qilish uchun istiqbolli tarmoqlarni va ustuvor yo‘nalishlarni tizimli tahlil qiladi hamda natijalari bo‘yicha davlat-xususiy sheriklikni yanada rivojlantirish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi;
davlat-xususiy sheriklik loyihalarini ishlab chiqadi, shuningdek, vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalari tomonidan ishlab chiqiladigan davlat-xususiy sheriklik loyihalarini kelishadi;
b) davlat-xususiy sheriklik loyihalarining samaradorligi va afzalliklarini baholash uslubini ishlab chiqish, ushbu loyihalarni tayyorlash va amalga oshirishni uslubiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash sohasida:
davlat-xususiy sheriklikni joriy qilish va amalga oshirish mexanizmlari bo‘yicha uslubiy asoslar, nortmativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini va tavsiyalarni, davlat-xususiy sheriklik sohasida hamkorlik shakllarini ishlab chiqadi;
davlat-xususiy sheriklik loyihalarini tayyorlash va amalga oshirish jarayonlarini uslubiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashni ta’minlaydi;
davlat-xususiy sheriklik sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish va birxillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;
Oldingi tahrirga qarang.
davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari, tanlov hujjatlari, shuningdek, bitimlar loyihalarini tahlil qiladi va kelishadi;
(9-band “b” kichik bandining beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-apreldagi 259-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 27.04.2020-y., 09/20/259/0507-son)
davlat-xususiy sheriklik sohasidagi shartnomalar, hamkorlik qilish shakllari hamda shartlarini ishlab chiqish va tayyorlashga ko‘maklashadi;
ustuvor sohalar va tarmoqlarda davlat-xususiy sheriklik loyihalarining namunaviy shartnomalari, bitimlari va namunaviy tanlov hujjatlarini ishlab chiqadi;
v) davlat-xususiy sheriklik sohasidagi loyihalarni amalga oshirishda idoralararo muvofiqlashtirishni ta’minlash, shuningdek, loyihalar to‘g‘risidagi axborotni ochiq holda joylashtirish va ularning reyestrini yuritish sohasida:
davlat-xususiy sheriklik asosida loyihalarning amalga oshirilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘playdi, tahlil qiladi va umumlashtiradi;
davlat-xususiy sheriklik masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, davlat sheriklari va xususiy sektor, xalqaro moliya institutlari, donor tashkilotlar va boshqa manfaatdor tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikni muvofiqlashtiradi va qo‘llab quvvatlaydi;
davlat-xususiy sheriklik sohasidagi amalga oshiriladigan, shuningdek, ustuvor va istiqbolli loyihalarning muntazam yangilanadigan ma’lumotlar bazasi hamda reyestri tashkil etilishini va yuritilishini ta’minlaydi;
davlat-xususiy sheriklik va respublikaning ushbu sohadagi salohiyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tezkor olish imkonini beradigan dasturiy mahsulotlar hamda axborot tizimlarini yaratadi va joriy qiladi;
davlat-xususiy sheriklik sohasidagi loyihalarni amalga oshirishda texnik hamda boshqa tomondan ko‘maklashishni tashkil qiladi;
davlat-xususiy sheriklik sohasiga jalb etilgan davlat sheriklari va boshqa mas’ul davlat organlarining ma’lumotlar bazalari bilan elektron hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi;
davlat-xususiy sheriklik sohasida amalga oshirilayotgan, ustuvor va istiqbolli loyihalar haqidagi ma’lumotlarning ochiq holda joylashtirilishini ta’minlaydi;
g) davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish, shu jumladan muayyan loyihalar konsepsiyalarini ishlab chiqishda vazirlik va idoralarga ko‘maklashish sohasida:
davlat-xususiy sheriklik sohasidagi loyihalar uchun hujjatlar paketini tayyorlash, xususiy sheriklar bilan muzokaralar o‘tkazish va bitimlar tuzishda davlat sheriklariga ko‘maklashadi;
davlat-xususiy sheriklik sohasidagi loyihalarni tayyorlash va amalga oshirish uchun maslahatchilarni jalb qilishda davlat sheriklariga ko‘maklashadi;
davlat-xususiy sheriklik sohasidagi loyihalarni amalga oshiradigan davlat sheriklariga ruxsat beruvchi hujjatlarni olish, moliyalashtirish va davlat-xususiy sheriklik sohasidagi loyihalarni amalga oshirishda yuzaga keladigan boshqa masalalarni hal etishda ko‘maklashadi;
kadrlarni tizimli tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni, rahbarlar va mutaxassislarning, jumladan, idoraviy mansub tuzilmalarda faoliyat shakllari va uslublarini takomillashtirish, yuklangan vazifalarning o‘z vaqtida hamda sifatli bajarilishi uchun ularning mas’uliyatini oshirishni tashkil etadi;
d) davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish masalalarida investorlar, xalqaro moliya va donor tashkilotlari, ilmiy va ekspert hamjamiyatlari, shuningdek, bozorning boshqa ishtirokchilari bilan hamkorlikni tashkil etish sohasida;
seminarlar, sessiyalar, taqdimotlar, davra suhbatlarini tashkil qiladi hamda ularda ishtirok etadi, shuningdek, davlat-xususiy sheriklik masalalarida davlat sheriklari mutaxassislarining malakasini, jumladan, xorijda oshirishni tashkil etishga ko‘maklashadi;
davlat-xususiy sheriklik loyihalarida ishtirok etish uchun mahalliy va xorijiy investorlarni jalb qilish maqsadida reklama-axborot hamda tushuntirish ishlarini amalga oshiradi;
jamoatchilik, davlat organlari, xususiy sektor va xalqaro moliya institutlarini O‘zbekiston Respublikasida davlat-xususiy sheriklik qanday rivojlantirilayotgani haqida keng xabardor qilishni ta’minlaydi;
xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari, xorijiy banklar, jamg‘armalar, agentliklar, kompaniyalar va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda ularni davlat-xususiy sheriklik sohasida respublika uchun strategik ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirishga jalb qilish bo‘yicha takliflar, istiqbolli hamda joriy dasturlarni o‘rganadi, umumlashtiradi va tayyorlaydi;
xorijdagi innovatsion va yuqori texnologiyali loyihalarni tahlil qiladi va tahlil asosida davlat-xususiy sheriklik sohasida O‘zbekiston Respublikasi sharoitida yangi, istiqbolli loyihalarni shakllantirishga doir takliflar kiritadi;
xalqaro iqtisodiy tashkilotlar ishlarida, davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish muammolariga bag‘ishlangan xalqaro tadbirlarda ishtirok etadi;
e) davlat-xususiy sheriklik loyihalari ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga har tomonlama ko‘maklashish, loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlari, shu jumladan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tavakkalchiliklarni aniqlash va taqsimlash yuzasidan ularning takliflarini ko‘rib chiqish sohasida:
davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirishda yuzaga keladigan masalalar bo‘yicha tushuntirishlar va sharhlar taqdim etadi;
davlat-xususiy sheriklik sohasidagi loyihalarning salohiyatli ishtirokchilarining takliflari, shu jumladan loyhalarni moliyalashtirish mexanizmlari bo‘yicha takliflarini ko‘rib chiqadi;
davlat-xususiy sheriklik sohasidagi loyihalarni amalga oshirishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tavakkalchiliklarni aniqlash maqsadida doimiy asosda tahlil o‘tkazadi va natijalari bo‘yicha ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar kiritadi;
davlat-xususiy sheriklik loyihalari ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishiga har tomonlama ko‘maklashadi;
jismoniy va yuridik shaxslarning Agentlik vakolatiga kiradigan boshqa masalalar yuzasidan murojaatlarini ko‘rib chiqadi;
o‘z vakolati doirasida Agentlik vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha qonun hujjatlari buzilishini bartaraf etishga doir zarur harakatlarni amalga oshiradi;
byurokratizm, Agentlik vakolatiga kiradigan masalalarni hal etish muddatlarini cho‘zish holatlarini aniqlaydi va bartaraf etadi;
j) davlat-xususiy sheriklik loyihalarini, shu jumladan loyihalarga jalb qilingan budjet tizimi mablag‘laridan foydalanilishini, shuningdek, tegishli tarmoqlardagi xalqaro tajribani inobatga olgan holda loyihalarni tayyorlash va amalga oshirish amaliyotini monitoring qilish sohasida:
davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish va ular doirasida mablag‘lar o‘zlashtirilishini, shuningdek, davlat-xususiy sheriklik sohasidagi dasturlarga kiritish taklif etilayotgan loyihalarni muntazam monitoring qilib boradi;
tegishli tarmoqlarda ilg‘or xalqaro tajribani inobatga olingan holda, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini shakllantirish va amalga oshirishga doir takliflarni ishlab chiqish uchun vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalari mutaxassislari, shuningdek, mahalliy va xorijiy mutaxassislarni jalb qiladi;
davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish bilan bog‘liq jarayonlarni tahlil qiladi, bunday sheriklikni tashkil etishning xususiy sektor uchun oshkoralik va jozibadorlikni ta’minlaydigan yangi shakllari hamda uslublarini joriy etish, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik sohasidagi munosabatlarni tartibga soladigan normalarni takomillashtirishga oid takliflar tayyorlaydi;
davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish doirasida budjet mablag‘lari va davlat maqsadli jamg‘armalari mablag‘laridan maqsadli, oqilona hamda samarali foydalanish monitoringini olib boradi;
qisqa va o‘rta muddatli istiqbolda budjetdan mablag‘ ajratish uchun davlat-xususiy sheriklik sohasidagi ustuvor loyihalarning prognoz parametrlari haqida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga axborot kiritadi;
3-bob. Agentlikning huquqlari va javobgarligi
10. Agentlik o‘ziga yuklangan vazifa va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
davlat-xususiy sheriklik loyihalarining tashabbuskorlari va ishtirokchilaridan davlat-xususiy sheriklik loyihalarining amalga oshirilishi, texnik-iqtisodiy hamda moliyaviy ko‘rsatkichlarning bajarilish holati haqida axborot so‘rash hamda olish;
vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlardan Agentlik vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan hujjatlar, statistika ma’lumotlari, tahliliy materiallar, xulosalar hamda boshqa axborotni so‘rash hamda olish;
davlat-xususiy sheriklik loyihalarining davlat sheriklari va ishtirokchilaridan davlat-xususiy sheriklik loyihalari doirasida budjet mablag‘lari va davlat maqsadli jamg‘armalarining mablag‘laridan maqsadli foydalanish haqidagi axborotni belgilangan tartibda olish, Agentlik vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkazish;
Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlariga Agentlik vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqish uchun kiritish;
Agentlik mutaxassislari va maslahatchilarini xorijiy davlatlarga belgilangan tartibda yuborish;
davlat-xususiy sheriklik sohasidagi mahalliy va xorijiy mutaxassislarni shartnoma asosida Agentlikda ishlash uchun belgilangan tartibda jalb qilish;
konsalting va auditorlik kompaniyalar bilan hamkorlik qilish, muzokaralar o‘tkazish, ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatish uchun shartnomalar tuzish;
davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish uchun investitsiyalar jalb qilish masadida xalqaro moliya institutlari, donor mamlakatlar, kompaniyalar va banklar bilan hamkorlik o‘rnatish;
davlat-xususiy sheriklik sohasida mutaxassislarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv markazlari tashkil qilish.
Agentlik qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
11. Agentlik:
davlat-xususiy sheriklik sohasidagi yagona davlat siyosatining sifatli va to‘liq amalga oshirilishini ta’minlash;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, davlat-xususiy sheriklik loyihalari tayyorlanishi va amalga oshirilishini uslubiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash;
Agentlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishi uchun mas’ul.
4-bob. Agentlik faoliyatini tashkil etish
12. Agentlikka O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tasdiqlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor — O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirining o‘rinbosari rahbarlik qiladi.
Direktorning O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosari bo‘ladi.
13. Direktor Agentlik ishlarini tashkil etishni va faoliyatiga umumiy rahbarlikni ta’minlaydi, shuningdek, uning faoliyati sifati va yakuniy natijasi uchun mas’ul hisoblanadi;
14. Agentlik davlat-xususiy sheriklik masalalarida o‘zining vazifa va funksiyalarini amalga oshirish doirasida vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari va mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik qiladi.
15. Agentlik xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash shartlari joriy etiladi.
5-bob. Agentlik rahbariyatining asosiy funksional majburiyatlari
16. Quyidagilar Agentlik direktorining asosiy funksional majburiyatlari hisoblanadi:
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlari talablariga rioya etish;
Agentlik faoliyatiga umumiy rahbarlik qilish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va boshqa qonun hujjatlarida Agentlikka yuklangan vazifa va funksiyalarning bajarilishini tashkil etish;
Agentlik faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tasdiqlangan kompleks dasturlar va tadbirlarning bajarilishini chuqur va tanqidiy tahlil qilish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining va uning o‘rinbosarlarining topshiriqlarini bajarish;
Agentlik faoliyatining ayrim uchastkalariga rahbarlik qilish yuzasidan Agentlik mansabdor shaxslarining vakolatlarini aniqlash va ularning shaxsiy javobgarlik darajasini belgilash;
Agentlik faoliyati rejalashtirilishini tashkil etish, Agentlik va mansabdor shaxslarining har choraklik ish rejalarini tasdiqlash, ularning bajarilishi yuzasidan nazoratni ta’minlash;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari va topshiriqlarini bajarishni tashkil etishning amaliy tizimini yaratish va monitoringini yuritish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari samarali va natijali ijro etilishi, shuningdek, ijro intizomi mustahkamlanishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchilarining, Vazirlar Mahkamasi va uning komplekslari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, shuningdek, barcha darajalardagi hokimliklar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi to‘g‘risida” 2017-yil 11-apreldagi PQ-2881-son qaroriga va “Davlat organlari va tashkilotlarida ijro intizomini yanada mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 5-oktabrdagi PQ-3962-son qaroriga hamda Vazirlar Mahkamasining “Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 1999-yil 12-yanvardagi 12-son qaroriga muvofiq Agentlik faoliyatida ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha kompleks amaliy chora-tadbirlarni bajarish;
Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”, “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va ularni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq Agentlikning qonun loyihalari bo‘yicha faoliyatini tashkil etish;
Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”, “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va ularni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-avgustdagi PF-5519-son Farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasining Reglamenti (keyingi o‘rinlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasi Reglamenti deb ataladi) hamda Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 14-fevraldagi 62-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Reglamenti (keyingi o‘rinlarda Vazirlar Mahkamasining Reglamenti deb ataladi) talablariga qat’iy muvofiq ravishda faoliyat ko‘rsatish masalalari bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining sifatli ishlab chiqilishini tashkil etish va ularning Vazirlar Mahkamasiga o‘z vaqtida kiritilishini ta’minlash;
Agentlikka taqdim etilgan takliflarning va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining to‘liq va har tomonlama ko‘rib chiqilishini ta’minlash, ularning moliyaviy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa xil ekspertizadan puxta o‘tkazilishini, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasining Reglamentida va Vazirlar Mahkamasi Reglamentida belgilangan muddatlarda kelishilishini (vizalanishini) ta’minlash;
Agentlik xodimlarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish;
Agentlikka kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish, ularning samarali faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, Agentlik kadrlar zaxirasini shakllantirish;
Agentlik xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tashkil etish;
Agentlik faoliyatiga ishlarni tashkil etishning zamonaviy shakllari joriy etilishini ta’minlash;
davlat siriga kiritilgan ma’lumotlar va maxfiy axborot bilan ishlashda qonun hujjatlari talablariga rioya qilish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mansabdor shaxslarning xorijiy mamlakatlarga chiqish tartibini takomillashtirish choralari to‘g‘risida” 2014-yil 5-martdagi PQ-2142-son va “Mansabdor shaxslarning xorij mamlakatlariga xizmat safarlari samarasi uchun shaxsiy mas’uliyatlarini yanada oshirish va xorijiy delegatsiyalarning O‘zbekiston Respublikasiga tashriflarini tashkil etish choralari to‘g‘risida” 2017-yil 3-avgustdagi PQ-3170-son qarorlariga to‘liq muvofiq holda Agentlik rahbarlari va xodimlarining xizmat safarlarini tashkil etish, xizmat safarlarining asoslanganligi, samaradorligi va natijadorligini, xizmat safarlari xarajatlariga ajratilgan mablag‘lardan maqsadli va oqilona foydalanilishini ta’minlash;
Agentlik xodimlari tomonidan Agentlik xodimlarining odob-axloq qoidalari talablariga rioya etilishini ta’minlash;
“Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq Agentlik tizimida korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish chora-tadbirlarini ko‘rish, shuningdek, huquqni qo‘llash amaliyotini va qonun hujjatlarini takomillashtirishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish orqali ularning sodir etilishiga ko‘maklashadigan sabablar va sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish hamda bartaraf etish;
jismoniy va yuridik shaxslarning Agentlik vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha murojaatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ijrosini ta’minlash, elektron hujjat aylanish tizimini keng joriy qilish va undan samarali foydalanish, yuridik va jismoniy shaxslardan tushadigan murojaatlarning ma’lumotlar bazasini shakllantirish ishlarining nazoratini hamda muvofiqlashtirilishini tashkil qilish;
Agentlik faoliyatiga taalluqli shartnomalarni va O‘zbekiston Respublikasining vakili sifatida Agentlik vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha xalqaro xususiyatga ega shartnomalarni belgilangan tartibda tuzish hamda imzolash;
Agentlik xodimlari bajarishi majburiy bo‘lgan buyruqlar qabul qilish va ko‘rsatmalar berish;
Agentlik xodimlarini ko‘krak nishonlari va faxriy yorliqlar bilan mukofotlash to‘g‘risidagi masalalarni belgilangan tartibda hal etish, Agentlikning alohida namuna ko‘rsatgan xodimlarini O‘zbekiston Respublikasi faxriy unvonlari va davlat mukofotlari bilan taqdirlashga tavsiya etish;
Agentlik xodimlarini rag‘batlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish masalalarini hal etish, shu jumladan ularning bundan buyon egallab turgan lavozimida qolishining maqsadga muvofiqligi, ularning shaxsiy javobgarligini oshirish bo‘yicha tizimli masalalarni ko‘rib chiqish;
Agentlik mol-mulkini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasarruf etish.
17. Quyidagilar Agentlik direktori o‘rinbosarlarining va tarkibiy bo‘linmalari rahbarlarining asosiy funksional majburiyatlari hisoblanadi:
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga Agentlik tarkibiy bo‘linmalari xodimlari tomonidan rioya etilishini ta’minlash;
tarkibiy bo‘linmalar faoliyatiga bevosita rahbarlik qilish, ushbu bo‘linmalarga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishini tashkil etish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hujjatlari va topshiriqlarini bajarishni ta’minlash, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari samarali va natijali ijro etilishi, shuningdek, ijro intizomi mustahkamlanishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchilarining, Vazirlar Mahkamasi va uning komplekslari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, shuningdek, barcha darajalardagi hokimliklar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi to‘g‘risida” 2017-yil 11-apreldagi PQ-2881-son qaroriga va “Davlat organlari va tashkilotlarida ijro intizomini yanada mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 5-oktabrdagi PQ-3962-son qaroriga hamda Vazirlar Mahkamasining “Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 1999-yil 12-yanvardagi 12-son qaroriga muvofiq ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha kompleks amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish, topshiriqlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi uchun tarkibiy bo‘linmalar xodimlarining shaxsiy javobgarligini oshirish choralarini ko‘rish;
Agentlik qarorlarining, direktor buyruqlari va topshiriqlarining o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash;
tarkibiy bo‘linmalarning har choraklik ish rejalari ishlab chiqilishini ta’minlash, ularni tasdiqlash uchun kiritish, ularda ko‘rsatilgan vazifa va tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash;
tarkibiy bo‘linmalarga yuklangan vazifalarning bajarilishini nazorat qilish va muvofiqlashtirish;
tarkibiy bo‘linmalar faoliyati masalalari bo‘yicha qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish va ularni ko‘rib chiqish uchun Agentlik rahbariyatiga kiritish;
Agentlik tarkibiy bo‘linmalariga kadrlarni tanlash va tayinlash jarayonida direktorga takliflar taqdim etish, ularning professionalligi, o‘z ishini bilishi, amaliy ish tajribasi, yuqori ishchanlik darajasi va ma’naviy-axloqiy sifatlari kafolatlanganligini ta’minlash, ularning kasbiy malakasini oshirish choralarini ko‘rish, tarkibiy bo‘linmalarda kadrlar zaxirasini shakllantirish;
tarkibiy bo‘linmalarda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining sifatli ishlab chiqilishini tashkil etish, keyinchalik ko‘rib chiqish uchun Agentlik tarkibiy bo‘linmalarida tayyorlangan hujjatlar loyihalarini ko‘rib chiqish va ularga viza qo‘yish, ularni Agentlik rahbariyati tomonidan imzolash (viza qo‘yish), ularning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasi Reglamenti va Vazirlar Mahkamasi Reglamenti talablariga qat’iy ravishda o‘z vaqtida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini ta’minlash;
Agentlikga taqdim etilgan takliflarni va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini o‘z vakolati doirasida to‘liq va har tomonlama ko‘rib chiqish, ularni moliyaviy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa ekspertizadan puxta o‘tkazish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mansabdor shaxslarning xorijiy mamlakatlarga chiqish tartibini takomillashtirish choralari to‘g‘risida” 2014-yil 5-martdagi PQ-2142-son va “Mansabdor shaxslarning xorij mamlakatlariga xizmat safarlari samarasi uchun shaxsiy mas’uliyatlarini yanada oshirish va xorijiy delegatsiyalarning O‘zbekiston Respublikasiga tashriflarini tashkil etish choralari to‘g‘risida” 2017-yil 3-avgustdagi PQ-3170-son qarorlariga to‘liq muvofiq holda xizmat safarlarini tashkil etish, xizmat safarlarining asoslanganligi, samaradorligi va natijadorligini, xizmat safarlari xarajatlariga ajratilgan mablag‘lardan maqsadli va oqilona foydalanilishini ta’minlash;
Agentlik tarkibiy bo‘linmalari xodimlarining faoliyati samaradorligi va natijadorligini tizimli ravishda tanqidiy tahlil qilish, ularning shaxsiy hisobotlarini yig‘ilishlarda eshitish, yakunlari bo‘yicha zarur choralar ko‘rish;
Agentlik xodimlari tomonidan xodimlarning axloq-odob qoidalari talablariga rioya etish;
“Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq Agentlik tizimida korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish chora-tadbirlarini ko‘rish, shuningdek, huquqni qo‘llash amaliyotini va qonun hujjatlarini takomillashtirishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish orqali ularning sodir etilishiga ko‘maklashadigan sabablar va sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish hamda bartaraf etish;
davlat siriga kiritilgan ma’lumotlar va maxfiy axborot bilan ishlashda qonun hujjatlari talablariga rioya qilish.
6-bob. Agentlik faoliyatining samaradorligi va natijadorligini baholash mezonlari va amaliy ko‘rsatkichlari
18. Agentlik faoliyati uning samaradorligi va natijadorligi bo‘yicha muntazam baholanadi.
19. Agentlik faoliyatining samaradorligi va natijadorligi O‘zbekiston Respublikasining Moliya vaziri tasdiqlaydigan Agentlik faoliyatining samaradorligi va natijadorligini baholash mezonlari va amaliy ko‘rsatkichlari asosida baholanadi.
20. Agentlik faoliyatining samaradorligi va natijadorligini baholash yakunlariga ko‘ra quyidagi choralar ko‘riladi:
Agentlik rahbarlari va xodimlarini rag‘batlantirish (mukofotlash) yoki ularga nisbatan intizomiy javobgarlikning tegishli choralarini ko‘rish;
aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va Agentlik faoliyatini yanada takomillashtirish.
21. Agentlik faoliyatining samaradorligi va natijadorligini baholash tartibi va uslubi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
7-bob. Agentlikni moliyalashtirish va moddiy-texnik ta’minlash, uning xodimlari mehnatiga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish
22. Quyidagilar Agentlik faoliyatini moliyalashtirish manbarlari hisoblanadi:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari, xalqaro va xorijiy hukumatlar moliya tashkilotlari, moliya institutlari hamda boshqa donorlarning grantlari va kreditlari (qarzlari);
yuridik va jismoniy shaxslar — O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari va norezidentlarining xayriya mablag‘lari;
shartnoma asosida ko‘rsatiladigan xizmatlardan olinadigan daromadlar;
Oldingi tahrirga qarang.
Agentlik tomonidan DXSh loyihalari bo‘yicha o‘tkaziladigan anjumanlar, seminarlar, treninglar hisobidan tushadigan tushumlar;
davlat yoki xususiy sheriklar tomonidan to‘lab beriladigan to‘lovlar, basharti DXSh to‘g‘risidagi bitimda nazarda tutilgan bo‘lsa;
jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasining tijorat banklari depozitiga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
(22-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-apreldagi 259-sonli qaroriga asosan beshinchi — yettinchi xatboshilar bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 27.04.2020-y., 09/20/259/0507-son)
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Oldingi tahrirga qarang.
221. Agentlik faoliyatini moliyalashtirish uchun kelib tushgan mablag‘lar quyidagi xarajatlarga yo‘naltiriladi:
vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqalarini va mavjud kreditorlik qarzlarini to‘lash;
iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning ustuvor yo‘nalishlarida davlat va xususiy sheriklar hamkorligini rivojlantirish bo‘yicha tarmoq dasturlarini tayyorlash;
DXSh loyihalari bo‘yicha konsepsiya, loyiha hujjatlari, uslubiy qo‘llanma, jurnal, reklama va roliklarni ishlab chiqish;
respublikada va xorijda DXSh loyihalari bo‘yicha konferensiyalar, simpoziumlar, ko‘rgazmalar, yarmarkalar, seminarlar, “davra suhbat”larini o‘tkazish;
kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, Agentlik xodimlarining xizmat safarlarini amalga oshirish;
Agentlikni saqlash, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va xodimlarni moddiy rag‘batlantirish;
qonun hujjatlarda nazarda tutilgan boshqa harajatlar.
(221-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-apreldagi 259-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 27.04.2020-y., 09/20/259/0507-son)
Oldingi tahrirga qarang.
222. Vazirlar Mahkamasining “Budjet tashkilotlarini mablag‘ bilan ta’minlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida” 1999-yil 3-sentabrdagi 414-son qarorida belgilangan normalar Agentlikning rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘larining sarflanishida tatbiq etilmaydi.
(222-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-apreldagi 259-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 27.04.2020-y., 09/20/259/0507-son)
23. Agentlik xodimlarining ish haqi O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan lavozim maoshi, mukofotlar, ustama va qo‘shimcha haqdan iborat bo‘ladi.
24. Agentlik xodimlari qonun hujjatlariga muvofiq moddiy rag‘batlantiriladi.
25. Agentlikning jalb etilgan xodimlari, ekspertlari va maslahatchilari  O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari xizmatlariga tuzilgan kontraktlarga muvofiq qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xorijiy valyutada haq to‘lanadi.
26. Agentlikka yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun kontrakt asosida jalb qilingan mutaxassislar mehnatiga haq to‘lash miqdori umume’tirof etilgan xalqaro amaliyot va bozor sharoitlaridan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri tomonidan belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
27. Agentlik xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri tasdiqlaydigan tartibga muvofiq ko‘p yillik xizmatlari uchun har oylik ustamalar to‘lanadi.
(27-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-apreldagi 259-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 27.04.2020-y., 09/20/259/0507-son)
28. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri Agentlik xodimlari uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa to‘lovlardan qat’i nazar, egallab turgan asosiy lavozimi bo‘yicha Agentlikning budjetdan tashqari mablag‘lari va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hisobidan lavozim maoshlariga (tarif stavkalariga) ustamalar hamda rag‘batlantiruvchi boshqa to‘lovlar belgilashi mumkin.
Agentlikning ayrim tashabbuskor va yuqori malakali xodimlarining lavozim maoshiga (tarif stavkasiga) belgilangan tartibda shaxsiy ustamalar belgilanishi mumkin.
8-bob. Yakunlovchi qoida
29. Agentlik qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qayta tashkil etiladi va tugatiladi.

 

(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 14.12.2018-y., 09/18/1009/2316-son; 27.04.2020-y., 09/20/259/0507-son)

DXSh asosidagi infrastruktura loyihalarini amalga oshirish uchun xususiy sektor ishtirokini rag‘batlantiradigan samarali va shaffof siyosat, huquqiy va institutsional asoslarning mavjudligi juda muhimdir.

O‘zbekiston DXSh tuzilmasinining asosiy maqsadi – infratuzilma loyihalarda O‘zbekistonda xususiy sektorining ishtirokini rag‘batlantirishga qaratilgan zamonaviy siyosat hamda aniq belgilangan huquqiy va institutsional asoslarni yaratishdir.

Moliya vazirligi huzuridagi DXSh rivojlantirish agentligi (Agentlik) DXSh tuzilmasini tarmoq vazirliklari va idoralari, mahalliy hokimiyat organlari va boshqa davlat tashkilotlari va davlat idoralari bilan kelishilgan holda ishlab chiqadi.PPPDA O‘zbekistonda PPP loyihalarini ishlab chiqish, baholash va monitoring qilishning asosiy portali hisoblanadi.

 

Font Resize